O‘zbekiston arab davlatlari bilan parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantiradi

Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida bir qator arab davlatlari parlament rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, uchrashuvda Arab parlamenti, Bahrayn, Misr, O‘mon, Qatar va BAA parlamentlari vakillari ishtirok etdi. Tomonlar o‘zaro parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va arab davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib, investitsiya loyihalari hajmi $50 mlrddan oshgani, 500 ga yaqin qo‘shma korxona tashkil etilgani ta’kidlandi. Aviaqatnovlar soni esa haftasiga 150 taga yetdi.

Yaqin Sharqdagi vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik va kelgusi hamkorlik bo‘yicha dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda, shuningdek, joriy yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari» ikkinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Osiyo xotin-qizlarining faolligini oshirish bo‘yicha rezolyutsiyani taklif qilgan edi.