O‘zbekiston Xitoydan Yevropaga yuk tashishda muhim trans-magistral markazga aylanmoqda

Xitoy delegatsiyasi 5 – 8-aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimizning multimodal yuk tashish sohasidagi imkoniyatlari bilan tanishmoqda. Tashrif doirasida Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi va delegatsiya Toshkent aeroportidagi yangi yuk terminali faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Xorijlik mehmonlar orasida Sinxua shahri Xitoy Kommunistik partiyasi qo‘mitasi kotibi, Iu shahri meri hamda Xitoyning eng yirik temir yo‘l yuk tashish kompaniyalaridan biri – YiWu Timex Industrial Investment Co., Ltd. prezidenti ham bor edi. Ular terminaldagi umumiy va maxsus omborxonalarni ko‘zdan kechirdi. Jumladan, o‘simliklar va tirik hayvonlar, qimmatbaho yuklar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmonlarni saqlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdilar.
Uzbekistan Airports boshqaruv raisi Javlonbek Umarxodjayevning ta’kidlashicha, mart oyida ishga tushirilgan yangi yuk terminali yiliga 120 ming tonnagacha yukni qabul qilish quvvatiga ega. Zarurat tug‘ilsa, omborxonalarni kengaytirish va yangi inshootlar qurishga tayyorlik borligi bildirildi.
«Biz Oʻzbekistonni Xitoydan Yevropa mamlakatlariga qoʻshma yuk tashish tizimini tashkil etishda muhim trans-magistral markaz sifatida koʻrmoqdamiz. Mamlakat bu yoʻnalishni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Shu bilan birga, biz nafaqat havo transporti haqida, balki multimodal yuk tashish – havo, avtomobil va temir yoʻl transportini ham nazarda tutmoqdamiz», – deya qoʻshimcha qildi Xitoy delegatsiyasi rasmiylari.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Xitoyga eng yaqin hududlardan biri – Andijon viloyatiga alohida qiziqish bildirganini ma’lum qildi. Ular O‘zbekistonda bo‘lish davomida Andijonga tashrif buyurib, ushbu viloyatning multimodal logistika yo‘nalishidagi imkoniyatlari bilan tanishishni rejalashtirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy AQSh tovarlariga 34% boj joriy qilayotgani haqida xabar bergan edi.