O‘zbekistonliklar uchun Germaniyada til o‘rganish va kasbiy ta’lim imkoniyati yaratiladi

7-aprel kuni Berlinda O‘zbekiston, Germaniya va xususiy sektor vakillari ishtirokida mehnat migratsiyasi sohasida uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur hujjat Germaniya mehnat bozoriga O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb etishga xizmat qiladi.
Memorandumga binoan, gastronomiya, logistika, oziq-ovqat va go‘sht sanoati sohalarida ishlash istagidagi o‘zbekistonliklar uchun Germaniyada til o‘rganish va kasbiy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Ularga viza olish, yashash va ish joyi bilan ta’minlashda ko‘mak ko‘rsatiladi.
Ma’lumot uchun, Toshkentda nemis tili kurslari faoliyatini boshlagan, shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Inklyuziv dual ta’lim markazi ham ochildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston fuqarolari Kanadaga ishga taklif qilingan edi.