Xitoy kompaniyasi Farg‘onada $120 millionlik zavod quradi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning «Shandong Aipurui Steel Plate Co., Ltd» kompaniyasi rahbari Xan Zong Bai boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda Toshloq tumanidagi «Taraqqiyot» sanoat zonasida barpo etilayotgan metallni qayta ishlash zavodi qurilishining borishi ko‘rib chiqildi. 120 million dollarlik loyiha doirasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Investorlar qurilishda ilg‘or texnologiyalar joriy etilayotganini ta’kidladi. Viloyat hokimi loyiha doirasida ishlab chiqarish, biznes tadbirlar va «Yashil makon» umummilliy loyihasi asosida yashil hududlar tashkil etilayotganini qayd etdi.
Loyihaning birinchi bosqichi 2025-yil oktabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Xitoydan Yevropaga yuk tashishda muhim trans-magistral markazga aylanishi haqida yozgan edik.