Yandex Market Oʻzbekistonda ish boshladi

Yandex Uzbekistan oʻzining Market marketpleysini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Buyurtmalarni Yandex Go ilovasi yoki https://market.yandex.uz sayti orqali amalga oshirish mumkin. Hozirda xizmat Toshkent shahri va qisman Toshkent viloyatlari uchun ishga tushirilgan.
Marketʼda elektronika, maishiy texnika, uy va ta’mirlash buyumlari, kiyim-kechak va poyabzal, goʻzallik vositalarini xarid qilishingiz mumkin.
Marketpleys doirasida Yandex Factory – kompaniyaning shaxsiy ishlab chiqarish yoʻnalishidagi mahsulotlar ham taqdim etiladi.
Market orqali buyurtmani yetkazib berish mahsulotni tarqatish punktlari (MTP) yoki kuryer orqali amalga oshiriladi. Ayni paytda 60 ta MTP faoliyat yuritmoqda, yil oxirigacha ular soni mamlakat boʻylab 250 taga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Buyurtmalarni ilova yoki saytda bank kartasi orqali, shuningdek, MTPda naqd pul yoki karta bilan toʻlash mumkin.
Marketpleysda Yandex Split xizmati orqali boʻlib toʻlash imkoniyati ham mavjud. Unga koʻra, xaridor mahsulot narxining bir qismini toʻlaydi, qolgan summa esa bogʻlangan kartadan belgilangan jadval asosida yechiladi.
Market hozirda 2, 4 va 6 oylik boʻlib toʻlash variantlarini taqdim etadi. Yangi foydalanuvchilar uchun Pochin promokodi bilan Marketʼda birinchi buyurtmaga 50% chegirma taqdim etiladi. Maksimal chegirma – 80 000 soʻm.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yandex Uzbekistan talaba va IT mutaxassislari uchun 65 mln soʻmlik musobaqa e’lon qilgani haqida yozgan edi.