Apple AQSh bojlari tufayli uch kunda bozor kapitallashuvidan $640 milliard yo‘qotdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bunga Xitoydan import uchun 54 foizlik yangi bojlar sabab bo‘ldi
Apple AQSh bojlari tufayli uch kunda bozor kapitallashuvidan $640 milliard yo‘qotdi. Foto: Luxas Jackson/Reuters

Apple aksiyalari uchta savdo sessiyasida 19 foizga tushdi va $638 milliardlik bozor qiymatini yoʻqotdi. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi.

Bunga AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan eʼlon qilingan Xitoydan import uchun 54 foizlik yangi bojlar sabab boʻldi. Appleʼning asosiy ishlab chiqarish bazasi aynan Xitoyda joylashgan boʻlib, bu kompaniyani savdo urushi sharoitida eng zaiflardan biriga aylantiradi.

Ayni paytda Appleʼning bozor kapitallashuvi $2,7 trillionni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yil iyul oyida kompaniya ushbu koʻrsatkich boʻyicha rekord darajadagi $3,5 trillionga yetgan edi.

Tahlilchilarning fikricha, yangi joriy etilgan bojlar tufayli AQShda iPhone narxi 30 foizgacha oshishi mumkin, bu esa top model uchun taxminan $350 qoʻshimcha xarajat degani.

Mashhur investor Uorren Baffet boshchiligidagi Berkshire Hathaway kompaniyasi 2023–2024-yillar davomida Appleʼdagi ulushini keskin qisqartirdi. 2024-yil oxiriga kelib fond nazoratida atigi 300 millionga yaqin aksiya qolgan, bu esa Appleʼning umumiy aksiyalarining faqat 2 foizini tashkil qiladi. Bugungi voqealar fonida bunday qaror nihoyatda oʻz vaqtida qabul qilingan deb baholanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple AirPods Maxʼga yangi funksiya qoʻshishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek