
Iyun oyida O‘zbekistonda yangi BYD Sealion 07 krossoverining global versiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Autosrada nashri ma’lum qildi.
Avtomobil ilgari Avstraliya, Yevropa, Dubay va Yangi Zelandiyada savdoga chiqqan, biroq mahalliy bozorda u hali e’tirof topgani yo‘q.
Sealion 07, aslida, Song L bilan bir platformada yaratilgan bo‘lsa-da, «okeanik» liniyaga mansub o‘ziga xos dizayn bilan ajralib turadi. BYD brend ierarxiyasida u Song Plus Champion (Sealion 6) dan yuqorida turadi va sport krossoveri sifatida e’tirof etiladi.
Avtomobil ilk bor 2023-yil noyabr oyida Guanchjou avtosalonida namoyish etilgan bo‘lib, 2024-yilda ishlab chiqarish va global savdosi boshlangan. Texnik jihatdan kuchli jihatlaridan biri – to‘liq g‘ildirakli, ikkita elektr motorli AWD versiyasidir. U 100 km/soat tezlikka atigi 4,5 soniyada erishadi, maksimal tezlik esa 215 km/soatni tashkil qiladi.
Shunga qaramay O‘zbekiston bozorida xaridorlar hozircha dizayni yanada agressiv ko‘rinishga ega Song L modelini afzal ko‘rmoqda. Sealion 07 texnik imkoniyatlari jihatidan kuchli bo‘lsa-da, uning dizayni mahalliy talabga moslashmagan ko‘rinadi.
Sealion 07 BYD’ning e-Platform 3.0 Evo bazasida qurilgan va Tesla Model Y bilan raqobatlashish uchun mo‘ljallangan. Seal – sport sedani, Sealion 6 – oilaviy krossover, Sealion 7 esa sport xarakterga ega bo‘lgan krossover sifatida BYD oilasining yuqori segmentini tashkil qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD 9-aprel kuni Xitoyda ikkita yangi modelini taqdim etishi haqida xabar bergan edi.