
Italiyaning Monsa shahrida tennis bo‘yicha ATP-100 toifasiga kiruvchi «Chellenjer» turnirining asosiy bahslari boshlandi. 145,2 ming yevro miqdoridagi mukofot jamg‘armasiga ega musobaqada Humoyun Sultonov ishtirok etmoqda. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi turnirdagi ilk o‘yinida reytingda o‘zidan yuqoriroq o‘rinda turgan slovakiyalik Lukas Kleyn bilan to‘qnash keldi. Sultonov 27 yoshli raqibni 6/1, 6/3 hisobida ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi. ATP reytingida Sultonov 229-o‘rinda, Kleyn esa 181-pog‘onadan joy olgan. Bu ularning o‘zaro ilk uchrashuvi bo‘ldi.
Yetmish ikki daqiqa davom etgan bahsda har ikki tennischi bittadan eys zarbasini amalga oshirdi. Humoyun 4 marta, Lukas esa 6 marta qo‘shxatoga yo‘l qo‘ydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat stol tennis ustalari Qatardagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.