Agrosanoatni rivojlantirish agentligida ketma-ket ikki yil korrupsion holat «qoniqarsiz» baholandi

eʼlon qilindi
103 ta davlat tashkiloti baholandi.
korrupsiya
Foto: kritchanut / www.depositphotos.com

2024-yil davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi samaradorligini baholovchi reyting natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lum qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Bu yil 103 ta davlat tashkiloti faoliyati 0 dan 100 ballgacha reyting asosida baholandi. Ulardan 14 tasi ilk bor, 89 tasi esa takroran baholandi. Natijalarga ko‘ra, 41 ta tashkilot «yaxshi» (81–100 ball), 53 tasi «qoniqarli» (55–80 ball) va 9 ta «qoniqarsiz» (55 balldan past) toifalarga ajratildi.

Reyting baholash natijalari o‘rtacha 73,8 ballni tashkil etib, bu 2023-yildagiga nisbatan 4,9 ballga, 2022-yilga nisbatan esa 14,3 ballga yuqori ko‘rsatkichdir.

Shuningdek, bir qator vazirlik va idoralarda korrupsiyaviy jinoyatlar kamaygan. Jumladan:

  • Raqamli texnologiyalar vazirligida — 71,4 foizga;
  • Suv xo‘jaligi tizimida — 47,8 foizga;
  • Hokimliklarda — 43,2 foizga;
  • Tijorat banklarida — 31,9 foizga;
  • Adliya tizimida — 21,9 foizga
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligida 8,3 foizga kamayish kuzatilgan.

2023-yilda «qoniqarsiz» deb topilgan ayrim tashkilotlar 2024-yilda sezilarli o‘sishga erishdi. Masalan, Yoshlar ishlari agentligi 10 balldan 85 ballgacha, «O‘zbekinvest» 28 dan 83 ballgacha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 50 dan 82 ballgacha, Madaniy meros agentligi 22 dan 82 ballgacha ko‘tarildi.

Eng yuqori natijalar qayd etganlar qatorida esa «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» (96 ball), Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi(95 ball), Markaziy bank (94 ball), Soliq qo‘mitasi, «O‘zbekneftgaz» va «Uzbekistan Airports» (92 ball) hamda Raqamli texnologiyalar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari (91 ball) turibdi.

«Qoniqarsiz» toifadan joy olganlar qatorida esa «O‘zagrolizing» 53 ball bilan turibdi. «O‘zbekko‘mir» AJ  (48 ball) o‘tgan yili ijobiy natija (2023-yilda – 60 ball) qayd etgan bo‘lsa, bu yilgi reyting baholashda ushbu toifaga kirgan. Bundan tashqari, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyati 9 ball bilan (2023-yilda – 16 ball) ketma-ket ikki yil «qoniqarsiz» deb baholandi.

Shu bilan birga, 9 ta «qoniqarsiz» baholangan tashkilot korrupsiyaga qarshi mexanizmlar, monitoring va nazorat bo‘yicha yetarli ma’lumotlarni taqdim etmagan. Ular uchun alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va natijalar har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishlarida muhokama qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahar FVB boshlig‘i o‘rinbosari korrupsiya ishi bo‘yicha qamoqqa olingani haqida yozgandi.

Shuningdek