
Polshalik olim Leshek Chexovskiy Marsni terraformatsiya qilish bo‘yicha yangi g‘oyani ilgari surdi. Ko‘pir kamaridagi muzli asteroidlarni Marsga yo‘naltirib, ularni sayyora bilan to‘qnashishga olib kelish orqali atmosferani tiklash mumkin, deydi olim o‘z tadqiqotida.
Bu usul orqali Marsga suv, azot va karbonat angidrid kabi muhim moddalar yetkaziladi, bu esa bosimni oshirish va haroratni ko‘tarishga xizmat qiladi.
Marsning asosiy muammosi – atmosferaning nihoyatda past bosimi bo‘lib, bu sharoitda inson organizmidagi suv qaynab ketadi. Yashash uchun qulay muhit yaratish uchun yer atmosferasining kamida 10% darajasidagi bosim talab qilinadi. Chexovskiy bu darajaga erishish uchun taxminan 10¹⁸ tonna material kerakligini ta’kidlaydi.
Ammo asteroidlarni Marsga yetkazish ham oson emas – ular Quyoshga yaqinlashganda parchalanib ketishi mumkin. Bunga qarshi olim ularni maxsus dvigatellar bilan jihozlashni taklif qilmoqda. Hozircha bu faqat nazariy taklif bo‘lsa-da, u Marsni yashashga yaroqli sayyoraga aylantirish yo‘lida muhim bir qadam bo‘lishi mumkin.
Terraformatsiya hali uzoq orzu bo‘lishi mumkin, lekin ilm-fan bu yo‘lda tobora dadil qadam tashlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA’ning bo‘lajak rahbari Marsga parvozlar haqida gapirgan edi.