Retro Motorola hozirda qanday smartfonlar ishlab chiqarmoqda

eʼlon qilindi
Eng yaxshi modellari va narxlari
Motorola'ning zamonaviy smartfonlari
Foto: Motorola

Retro brend Motorola – mobil aloqa sohasida uzoq yillik tarixga ega brend. 1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshida kompaniya E398, RAZR V3 kabi mashhur modellari bilan butun dunyoda tanilgandi. Biroq sensorli ekranga ega telefonlarning ommalashishi Motorola uchun burilish nuqtasi bo‘ldi.

Bugungi kunga kelib, ushbu brend smartfonlar bozorida mantiqiy davomiylikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, u endi ilgari bo‘lgani kabi yirik o‘yinchi emas. Shunday bo‘lsa-da, Motorola hali ham faoliyat olib bormoqda va turli toifadagi foydalanuvchilar uchun smartfonlar ishlab chiqarmoqda.

Ushbu maqolada bugungi kunda brend taqdim qilayotgan smartfonlar bilan tanishish mumkin.

Motorola kimga tegishli?

2007-yilda Apple iPhone’ining ilk chiqishidan soʻng, tugmachali telefon ishlab chiqaruvchilar mijozlarini yoʻqota boshladi. Motorola ham bundan mustasno boʻlmadi. E398 va RAZR V3 kabi ommabop modellardan soʻng kompaniyada katta oʻzgarishlar yuz berdi.

Motorola
Foto: Motorola

2011-yilda Motorola ikkiga ajratildi: Motorola Mobility (telefonlar) va Motorola Solutions (boshqa uskunalar). 2012-yilda esa Motorola Mobility’ni Google sotib oldi, ammo oradan ikki yil oʻtib uni Xitoyning Lenovo korporatsiyasiga sotdi.

Bugungi kunda Motorola Mobility’ning bosh ofisi hamon Chikagoda joylashgan boʻlsa-da, amalda kompaniya Xitoyniki hisoblanib, Android-smartfonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Brend logotipi va ayrim oʻziga xos funksiyalar saqlanib qolgan, ammo Motorola avvalgidek noyob kompaniya emas.

Motorola’ning qanday smartfonlari bor?

Bugungi kunda Motorola’ning smartfonlari asosan uchta asosiy liniyada taqdim etilgan:

  • Moto G — arzon modellari boʻlib, Samsung’ning Galaxy A seriyasiga raqobatchi sifatida chiqadi;
  • Edge — oʻrtacha narxdagi, balanslangan xususiyatlarga ega smartfonlar.
  • RAZR — bukiladigan ekranli zamonaviy «raskladushkalar», RAZR V3 merosxoʻrlari.

Moto G liniyasida raqamlar Samsung’dagi kabi boʻlib, nomdagi birinchi raqam qurilmaning sinfini, ikkinchisi esa avlodini bildiradi. Masalan, Moto G55 — Moto G84’ga nisbatan yangiroq, ammo avvalgisining yuqori toifasidan past turadi.

Edge va RAZR seriyalarida esa raqam faqat model avlodini bildiradi. Qoʻshimcha soʻzlar turlicha variantlarni anglatadi. Masalan, Pro — kuchaytirilgan versiya, Fusion — soddalashtirilgan model.

Brendning eng yaxshi smartfonlari

Motorola
Foto: Beebom

Bugungi Motorola’lar texnologik jihatdan raqobatchilaridan ajralib turmaydi. Shunga qaramay, ayrim modellari narx va texnik koʻrsatkichlar jihatidan juda foydali tanlov boʻlishi mumkin:

  • Moto G55 — 3,5-4 mln soʻmgacha narxdagi model, yorqin dizayn va optik stabilizatsiyaga ega kamera bilan.
  • Moto G85 — narxi 4-8 mln soʻm atrofida. Qurilma egri AMOLED ekran va Snapdragon 6s Gen 3 protsessori bilan jihozlangan.
  • Edge 50 Pro — Snapdragon 7 Gen 3 bilan kuchli oʻrtahol model, yaxshi kameraga ega. Narxi 4,3-8 mln soʻmgacha boradi.
  • RAZR 50 Ultra — Katta tashqi ekran va flagman darajasidagi texnik xususiyatlarga ega. Yuqori toifali bukiladigan smartfon boʻlib, narxi 7-12 mln soʻm atrofida.

Motorola smartfonlarini sotib olishga arziydimi?

2025-yilgi Motorola smartfonlaridagi «M» harfi tushirilgan logotip va klassik Hello, Moto ovozi brendga oʻziga xoslik baxsh eta olmaydi. Shu sababli, u hali hamon oddiy smartfonligicha qolmoqda.

Biroq Motorola koʻpincha yaxshi narx va imkoniyatlar muvozanatini taqdim etadi. Yuqori toifadagi modellari 5 yil davomida yangilanishlar oladi. Bu esa koʻplab boshqa ishlab chiqaruvchilar taklif eta olmaydigan afzallikdir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng kuchli flagman reytingida qaysi smartfon yetakchilik qilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek