
7-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Vyetnam Milliy majlisi raisi Chan Txan Man boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda Vyetnam yetakchilari salomi yetkazildi va ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsion hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar energetika, neft-kimyo, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha kelishib oldi. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumini tashkil etish, shuningdek, madaniy-turistik almashinuvlar va vizasiz tartibni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Parlamentlararo muloqotni faollashtirish orqali qo‘shma tashabbuslarni amalda ro‘yobga chiqarish rejalashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagan edi.