
2025-yilning birinchi choragida O‘zbekistondagi ish beruvchilar HeadHunter platformasida 21 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini joylashtirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshgani ma’lum qilindi.
Vakansiyalarning katta qismi Toshkentdagi ish beruvchilar tomonidan e’lon qilingan. Eng katta o‘sish Farg‘onada kuzatildi – viloyatda bo‘sh ish o‘rinlari soni bir yil ichida 59 foizga oshgan. Samarqandda esa ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga ko‘paygan.
Eng ko‘p talab qilingan kasblar sotuvchilar, marketing va reklama mutaxassislari, sport zallari hamda go‘zallik saloni xodimlari bo‘lgan. Shuningdek, sug‘urta, san’at, media va ko‘ngilochar sohalar bo‘yicha mutaxassislarga ham ehtiyoj sezilarli darajada oshgan.
2025-yilning birinchi choragida taklif etilgan o‘rtacha ish haqi 5,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga ortgan. Ish haqidagi eng katta o‘sish Namanganda kuzatilgan bo‘lib, bir yil ichida 52 foizga ko‘paygan. Andijon va Samarqandda esa bu ko‘rsatkich 18 foizni tashkil qilmoqda.
O‘rtacha ish haqi bo‘yicha yetakchi sohalar – yuqori va o‘rta darajadagi menejment, yuristlar, investitsiya va konsalting bo‘yicha mutaxassislar bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, yuristlar va transport sohasi xodimlari uchun ish haqi takliflari 33 foizga, ishchilar uchun esa 26 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy kompaniyasi Farg‘onada $120 millionlik zavod qurishi orqali 500 ta yangi ish o‘rni yaratilishi haqida yozgan edik.