Samarqandda 220 ta mulk tortib olinishi bo‘yicha rasmiy izoh berildi

Madaniy meros agentligi ommaviy axborot vositalarida «Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tortib olinadi» sarlavha ostida tarqalgan xabarlarga izoh berdi.
Agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi holatni o‘rganib chiqdi va rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi 6165-son farmoyati asosida «Chokardiza» qabristonida joylashgan «Imom Moturidiy» yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish, buyuk ulamolar qabrlarini tiklash, atrof-hududlarni obodonlashtirish va zamonaviy xizmat infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan.
«Barcha ishlar mavjud qonunchilikka qat’iy rioya etgan holda amalga oshirilmoqda. Mulklarni tortib olish yoki noqonuniy harakatlar haqida rasmiy qaror yo‘q. Agentlik bu kabi noto‘g‘ri xabarlarga ishonmaslikni, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya qiladi», – deyiladi xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ziyoratchilar uchun cheklovlar joriy qilingani haqidagi xabarlar rad etilgani haqida xabar bergan edi.