
Xiaomi 15 yilligi sharafiga nishonlash doirasida yangi flagman smartfon — Xiaomi 15S Pro modelini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Ushbu qurilma kompaniya tarixida muhim bosqichni ifodalovchi maxsus mahsulot bo‘lib, unda Xiaomi’ning ilk mustaqil ishlab chiqilgan, ilg‘or 4nm TSMC N4P texnologiyasida yaratilgan SoC (System-on-Chip) protsessori ishlatiladi.
Insayder Digital Chat Station tomonidan ma’lum qilinganidek, Xiaomi 15S Pro – 2022-yilda taqdim etilgan 12S modelidan keyingi S-seriyadagi ilk yangilik bo‘ladi. Qurilma tashqi ko‘rinish jihatidan Xiaomi 15 Pro dizayniga o‘xshash bo‘lib, egri qirralarga ega 2K OLED displey, Leica bilan hamkorlikda yaratilgan uch kamerali tizim va premium korpus materiallarini saqlab qoladi.
Eng katta yangilik — bu 6000 mA/soatdan ortiq sig‘imli batareyadir. U 3C sertifikati orqali tasdiqlangan 90 Vt tezkor zaryadlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday akkumulyator bilan telefon uzoq davom etuvchi ishlash muddatini va tez zaryadlanishni taklif etadi.
Yangi Xiaomi chipi esa sakkiz yadroli arxitekturaga ega bo‘lib, to‘g‘ri optimallashtirilgan taqdirda Snapdragon 8 Gen 1 va hatto Gen 2 darajasidagi ishlash samaradorligiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa Xiaomi’ning o‘z protsessorlari bo‘yicha mustaqil raqobatga kirishayotganidan dalolat beradi.
Smartfonda yana bir qiziqarli funksiya sifatida Xiaomi MIX 4 modelida birinchi marta joriy etilgan UWB (Ultra-Wideband) texnologiyasi qaytmoqda. U foydalanuvchiga qurilmalarni aniqlik bilan kuzatish, joylashuvni aniqlash hamda avtomobillar eshigini ochish kabi funksiyalarni bajarish imkonini beradi.
Rasmiy taqdimot sanasi hali oshkor qilinmagan, biroq Xiaomi rahbari Lin Bin ijtimoiy tarmoqlar orqali smartfon borligini tasdiqladi. 15S Pro modeli brendning navbatdagi texnologik yutug‘i bo‘lishi va yuqori raqobatbardosh flagmanlar safidan joy olishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi $125 lik uch kamerali muzlatkich taqdim etgani haqida xabar bergan edi.