2025-yilning ilk uch oyida aholiga salkam 400 milliard so‘m subsidiya ajratildi

Joriy yilning 1-aprel holatiga ipoteka kreditlari bo‘yicha aholiga Davlat budjetidan 398,5 mlrd so‘m subsidiya to‘lab berildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu mablag‘ning 84,9 mlrd so‘mi uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badalni to‘lashga, 313,6 mlrd so‘mi esa kredit foiz stavkalarini qoplashga yo‘naltirildi.
Eng ko‘p ipoteka subsidiyasi ajratgan banklar orasida Biznesni rivojlantirish banki 12 048 subsidiya soni va 87,9 mlrd so‘m mablag‘ (22%) bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinda «O‘zmilliybank» 86,2 mlrd so‘m (21,6%) bilan, «Ipoteka-bank» esa 15 252 subsidiya va 65,6 mlrd so‘m (16,5%) bilan qayd etilgan.
Eng kam subsidiya ajratgan banklar esa «Asia Alliance Bank» (0,3 mlrd so‘m), «Asakabank» (1,8 mlrd so‘m) va «Turonbank» (4,0 mlrd so‘m) bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro moliya institutlari O‘zbekistondagi loyihalarga $1,5 milliard ajratgani haqida yozgan edik.