
O‘zbekiston ilk bor xokkey bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
2025-yil 13 – 19-aprel kunlari Armaniston poytaxti Yerevanda IV divizion bahslari o‘tkaziladi. Bu musobaqa O‘zbekiston uchun rasmiy debyut hisoblanadi.
Turnirda Armaniston, Eron, Quvayt, Indoneziya va Malayziya terma jamoalari raqib bo‘ladi. Ularning barchasi ilgari Jahon chempionatlarida qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda yoshlar terma jamoasi U-18 toifasida Tailandda bo‘lib o‘tgan chempionatda qatnashdi. III B divizionida g‘alaba qozonilib, III A divizioniga yo‘l ochildi.
Milliy terma jamoaning asosiy tarkibini ushbu yoshlar jamoasi vakillari tashkil etadi. Ularga «Humo» klubida tajriba to‘plagan xokkeychilar qo‘shilgan. Tarkib yosh va tajribali sportchilardan iborat.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat o‘smirlar xokkey terma jamoasi ilk bor Jahon chempionatida g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.