
UEFA Chempionlar ligasi chorak final bosqichi sensatsiyalar bilan boshlandi. 8-aprel kuni kechasi boʻlib oʻtgan dastlabki uchrashuvlarda muxlislar kutilmagan natijalarga guvoh boʻldi.
Londonda oʻtgan bahsda «Arsenal» Madridning «Real» jamoasini yirik 3:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Oʻyinning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi, biroq ikkinchi taymda «toʻpchilar» hujumkor oʻyini bilan stadionni larzaga keltirdi. 58-daqiqada Deklan Rays hisobni ochdi, 70-daqiqaga kelib u dubl qayd etdi. Oradan 5 daqiqa oʻtib esa Mikel Merino yakuniy nuqtani qoʻydi.

Shu kuni Germaniyada ham muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi. Myunxendagi «Allianz Arena» stadionida mezbon «Bavariya» Italiya vakili «Inter»ga qarshi maydonga tushdi. Mehmonlar 38-daqiqada Lautaro Martinesning goli evaziga oldinga chiqib oldi. Ikkinchi boʻlimning 85-daqiqasida Tomas Myuller hisobni tenglashtirishiga qaramay 89-daqiqada Davide Frattesi tomonidan urilgan gol mehmonlarga gʻalaba taqdim etdi.
Ma’lumot uchun, jamoalarning javob uchrashuvi 16–17-aprel kunlari boʻlib oʻtadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniya kubogi doirasida «Real» soʻnggi daqiqalarda urilgan gol evaziga finalga yoʻl olgani haqida xabar bergan edi.