
Prezident qarori bilan eksportchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlab sotayotgan tadbirkorlarga soliq yengilliklari taqdim etiladi.
2028-yil 1-yanvargacha ayrim tadbirkorlar uchun soliq stavkalari pasaytiriladi: foyda solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi. Bu imtiyoz faqat quyidagi shartlarga javob bergan tadbirkorlarga tatbiq etiladi:
- Tadbirkorlar xodimlariga kamida 2 baravar eng kam ish haqi miqdorida oylik to‘lashi lozim.
- Soliq davrida qadoqlangan mahsulotlardan olingan daromad umumiy tushumning kamida 50 foizini tashkil etishi kerak.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-aprelgacha dukkakli ekinlar uskunalari importida yengillik beriladi. Saralash va yig‘ib olish texnikasiga 1 foizlik bojxona boji qo‘llaniladi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yilda meva-sabzavot eksporti $3,5 mlrdga yetkaziladi. Yana 8 ta davlatga 30 yangi mahsulot uchun fitosanitariya ruxsatnomalari olinadi. 2025-yil istiqbolli bozorlarga $442 mlnlik eksport rejalashtirilgan. 2026-yilda bu ko‘rsatkich $575 mlnga yetkaziladi.
Yangi qadoqlash loyihalariga $40,5 mln sarmoya kiritiladi. Bu orqali 2,1 mln tonna mahsulot qadoqlanadi. Qadoqlangan mahsulot eksportida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Trampning bojlari Oʻzbekistonga qanday ta’sir qilishi haqida xabar bergan edi.