Markaziy Osiyo madaniy merosini muhofaza qilish tanloviga arizalar qabul qilina boshlandi

ALIPH va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo uchun grant e’lon qildi. Tanlov iqlim o‘zgarishi va ofatlardan madaniy merosni asrashga qaratilgan. Grant tashabbusi Arol madaniy sammiti doirasida e’lon qilindi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Loyihaga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston jalb etiladi. Arizalar 2025-yil 31-iyulgacha CET vaqtida qabul qilinadi. G‘oliblar 2025-yil dekabrda aniqlanishi rejalashtirilgan.
Grantlar ikki turda taqdim etiladi: kichik (27 ming yevrogacha) va o‘rta (180 ming yevrogacha). Ularga NNTlar, universitetlar va ilmiy markazlar ariza topshirishi mumkin.
Grantlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi, ALIPH ularni boshqaradi. Mahalliy hukumatlar va madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bu ALIPH’ning so‘nggi bir yildagi ikkinchi shunday tashabbusi.
Ma’lumot uchun, ALIPH 2017-yil Jenevada tashkil etilgan global madaniy fond hisoblanadi. U mojaroli hududlardagi merosni tezkor himoya qilishga ixtisoslashtirilgan. Hozirgacha 42 mamlakatda 500 dan ortiq loyihalarni qo‘llab-quvvatlagan.
ALIPH faoliyatini 9 davlat va ko‘plab xususiy donorlar moliyalashtiradi. Jamg‘arma moddiy va nomoddiy merosni asrashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, u muzeylar, obidalar, tarixiy yodgorliklar tiklanishini ham moliyalaydi.
Tanlov shartlari bilan ALIPH veb-saytida tanishish va ariza topshirish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iqlim muammosini hal qilishda «Me First» tamoyili muhim rol o‘ynashi kerakligi haqida yozgan edi.