Mevali ko‘chatlar sotuvchi platforma nomi noqonuniy deb topildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Halolmevali ko‘chatlar» nomi ostida mevali ko‘chatlar savdosini amalga oshiruvchi platforma ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ushbu axborot resursi daraxt ko‘chatlari olish niyatidagi fuqarolarni chalg‘itish maqsadida, asossiz ravishda «Halolmevali ko‘chatlar» nomidan foydalangan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning «Halol» sertifikati yoki «Halol» nomi asosan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash va tashishda qo‘llaniladi. Reklamalardagi «halol» so‘zi mijozlar sonini ko‘paytirish maqsadida, aholini chalg‘itishga xizmat qilgan.
Natijada ushbu platforma egalariga reklama qonunchiligi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilib, noto‘g‘ri reklama tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Axborot resursining nomi ixtiyoriy ravishda boshqa nomga o‘zgartirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Halol Bozor» nomi noqonuniy deb topilgani haqida yozgandi.