Apple boj to‘lovlaridan qochish uchun Hindistondan AQShga 1,5 million iPhone olib keldi

Apple kompaniyasi Donald Tramp joriy qilgan boj to‘lovlaridan qochish maqsadida Hindistonda ishlab chiqarilgan 1,5 mln iPhone’ni (600 tonna yuk) AQShga havo yo‘li orqali yetkazdi. Bu haqda Finance Yahoo ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu orqali kompaniya Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘yilgan 125% lik bojdan qutulishga harakat qilmoqda.
Apple Chennai aeroportida bojxona jarayonlarini tezlashtirishga erishgan va Foxconn zavodlarida yakshanba kunlari ham ishlab chiqarishni davom ettirgan. Ayni paytda AQShga olib kirilayotgan iPhone’larning beshdan biri Hindistondan kelmoqda. Bu harakat Apple’ning tarif bosimlariga qarshi strategik javobi sifatida talqin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Apple har yili butun dunyo bo‘ylab 220 mlndan ortiq iPhone sotadi. Tramp Xitoyga nisbatan boj stavkalarini doimiy ravishda oshirdi – bu hafta ularni 125% ga yetkazdi (ilgari 54% edi). Agar iPhone 16 Pro Max modeli (narxi $1599) 54% boj bilan olib kirilsa, narx $2,300 gacha oshishi hisob-kitob qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple yetkazib beruvchisi ishlab chiqarishni Xitoydan tashqariga ko‘chirmoqchi ekani haqida yozgan edik.