
Farg‘ona viloyatida «A.Z.» xususiy korxonasi ish boshqaruvchisi tomonidan Toshloq tumanidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida 286 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shuningdek, departamentning Yangiyer shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro tomonidan «Navro‘zobod» MFY hududidagi novvoyxonada ham tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 202,1 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati qayd etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshi tumanida o‘tkazilgan reyd davomida 119 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona faoliyati fosh etilgan edi.