
10-aprel kuni Ozon kompaniyasi O‘zbekistonda ikki milliondan ortiq Xitoy tovarlari savdosini boshlab yubordi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilindi.
Endilikda platformada O‘zbekiston aholisi uchun Xitoylik tadbirkorlardan kiyim-kechak, poyabzal, maishiy texnika va uy-ro‘zg‘or buyumlarigacha bo‘lgan ikki mlndan ortiq mahsulot mavjud. Xitoydan buyurtmalarni yetkazib berish muddati taxminan 4 haftani tashkil qiladi va O‘zbekiston bo‘ylab barcha xaridorlar uchun bepul bo‘ladi.
Buyurtmalarni mamlakat bo‘ylab «O‘zbekiston pochtasi» (UzPost) bo‘limlari orqali olish mumkin. Xaridorlar Ozon sayti yoki mobil ilovasi orqali eng yaqin yetkazib berish punktini tanlashadi. Shu bilan birga, Xitoydan kelayotgan tovarlar narxi o‘rtacha 15 foizga arzonroq.
«Xaridorlar soni O‘zbekistonda ortib bormoqda. Xitoydan tovarlar savdosi yo‘lga qo‘yilishi mijozlarga yanada arzon va ommabop mahsulotlar taklif etish imkonini beradi. Bu mahalliy sotuvchilarga jiddiy raqobat tug‘dirmaydi, chunki yetkazib berish muddati uzoq», – dedi Ozon’ning O‘zbekiston bo‘limi rahbari Jamshid Zoxidov.
Ma’lumot uchun, Ozon xalqaro savdo yo‘nalishini 2020-yildan beri rivojlantirib kelmoqda. Kompaniyada Xitoy va Turkiyadan 150 mingdan ortiq sotuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ular Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon va Qirg‘izistondagi xaridorlarga mahsulot yetkazib bermoqda.
Kompaniya O‘zbekiston bozoriga 2023-yilda kirib kelgan. 2024-yil oktabr oyida Toshkentda o‘ziga tegishli saralash markazini ishga tushirgan. Platforma orqali kitob, kiyim, oziq-ovqat, salomatlik mahsulotlari va boshqa 20 dan ortiq toifadagi millionlab mahsulotlar xaridorlarga taqdim etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xalqaro marketpleyslar O‘zbekistonda 160 mlrd so‘m soliq to‘lagani haqida yozgandi.