Savdo urushi davom etadi: Xitoy AQSh tovarlariga 125 foizlik boj joriy qildi

Oq uy Xitoy tovarlariga boj stavkalarini 145 foizga oshirgach Pekin ham javoban AQShdan import qilinadigan barcha tovarlarga bojlarni 125 foizga ko‘tardi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.
Bloomberg Xitoy savdo vazirligiga tayanib yozishicha, Vashingtonning haddan tashqari yuqori tariflardan qayta-qayta foydalanishi iqtisodiyotni faqat raqamlar oʻyiniga aylantirgan.
«Agar AQSh Xitoy eksportiga bojlarni yanada oshirsa, Xitoy bunday choralarni e’tiborsiz qoldiradi», – deyiladi xabarda.
Bojlar joriy etilishidan avval Xitoyning AQSh tovarlariga nisbatan boj stavkalari barcha mahsulotlarga tatbiq etilmagan va asosan 10 foiz yoki 15 foiz darajasida qo‘llanilgan.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi har yili qariyb $700 milliardni tashkil etadi. Agar tanglikni yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, yuqori tariflar har ikki davlat iste’molchilari va korxonalarini ortib borayotgan xarajatlarga duchor qilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan Apple kompaniyasi Donald Tramp joriy qilgan boj toʻlovlaridan qochish maqsadida Hindistonda ishlab chiqarilgan 1,5 mln iPhoneʼni (600 tonna yuk) AQShga havo yoʻli orqali yetkazgani haqida yozgan edi.