Boj urushlarida gʻolib boʻlmaydi – Xitoy raisi

Xitoy Xalq Respublikasining raisi Si Szinpin Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda AQShning import bojlariga munosabatini bildirdi.
Si Szinpinning aytishicha, Xitoy soʻnggi 70-yil davomida faqat mustaqillik va mashaqqatli mehnatning samarasi sifatida taraqqiyotga erishdi. Mamlakat hech qachon boshqadan yordam yoki marhamat kutmagan va qandaydir tahdidlardan choʻchimagan.
«Boj urushlarida gʻolib boʻlmaydi, dunyoga qarshi borsang yakkalanib qolasan», – deydi u.
Shuningdek, Si Szinpin Xitoy oʻz yoʻlidan ishonch va xotirjamlikni yoʻqotmasdan davom etishini aytib oʻtdi. AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan import uchun yangi tariflar joriy qilinishiga javoban Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Yevroittifoqni Xitoy bilan aloqalarni qayta koʻrib chiqishga chaqirdi.
Eslatib oʻtamiz, 10-aprel kuni Donald Tramp Xitoy mahsulotlariga nisbatan import bojini 145 foizga oshirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp tariflar kuchga kirish muddatini uch oyga kechiktirgani haqida xabar bergan edi.