
Hindistonning Tamilnadu shtatida joylashgan Kia avtomobil zavodida yirik o‘g‘irlik aniqlandi. Bu haqda Avto.ru nashri ma’lum qildi.
Economic Times’ning xabar berishicha, zavoddan besh yil davomida 900 ga yaqin dvigatel yo‘qolgan, ammo bu faqatgina 2025-yil mart oyida o‘tkazilgan audit chog‘ida fosh etilgan.
Politsiya tergovida ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘irliklar puxta rejalangan va bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Kompaniyaning amaldagi va sobiq xodimlari o‘zaro til biriktirib, ichki hujjatlarni qalbakilashtirish orqali o‘g‘irlik izlarini yashirib kelishgan. Dastlab rasmiylar dvigatellar zavodga yetkazilish jarayonida yo‘qolgan deb gumon qilgan, ammo keyinchalik ular bevosita ishlab chiqarish maydonidan o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi.
Tergov davomida uchta maxsus guruh tuzilib, mamlakat bo‘ylab ma’lumot to‘plash ishlari boshlangan. Hozircha o‘g‘irlangan dvigatellarning qayerga yuborilgani noma’lumligicha qolmoqda.
2019-yilda ochilgan Kia zavodi yiliga 300 – 400 ming dona avtomobil ishlab chiqaradi. Kompaniya vakillari ushbu jinoyat ishlab chiqarish hajmiga ta’sir qilmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, yuzlab dvigatellar qanday qilib besh yil davomida hech kim sezmagan holda g‘oyib bo‘lganini aniqlash ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia Sonet narxi qanchaga oshgani haqida xabar bergan edi.