
«Mir» to‘lov tizimi va kartalari ishi O‘zbekistonda hali tiklanmadi. Bu haqda Markaziy bankda bo‘lgan matbuot anjumanida To‘lov tizimlari departamenti direktor o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov ma’lum qildi.
«Banklar o‘z risklarini mustaqil boshqaradi va banklarning hozirgi faoliyatida vaqtinchalik bu kabi kartalarni qabul qilishni hamda chiqarishni to‘xtatgan. Keyinchalik banklar bu borada risklarni ko‘rishmasa, bu to‘lov kartalari yana qaytishi mumkin», – dedi Miraziz Mirhayotov.
Uning ta’kidlashicha, texnik integratsiya 2021-yilda ishga tushirilgan va hozir ham bu mavjud. Banklar qaroriga muvofiq, bu to‘lov tizimiga qaytish qiyin bo‘lmasligi mumkin.
2022-yil sentabridan boshlab Turkiya, O‘zbekiston, Armaniston, Vyetnam, Qozog‘iston hamda Qirg‘izistondagi bir qator banklar Rossiyaning «Mir» to‘lov kartalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan WeChat va Alipay milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinishi haqida xabar bergan edi.