Nvidia kompaniyasi yarimoʻtkazgichlar sanoatining yangi yetakchisiga aylandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Nvidia'ning 2024-yil yakunidagi daromadi $76,6 milliardni tashkil etdi
Foto: MichaelVi / depositphotos.com

Grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi 2024-yilda birinchi marta yillik daromad boʻyicha Samsung Electronicsʼni ortda qoldirib, yarimoʻtkazgichlar sanoatining yangi yetakchisiga aylandi. Bu haqda nufuzli Gartner tahliliy kompaniyasi hisobotida ma’lum qilindi.

Nvidiaʼning 2024-yil yakunidagi daromadi $76,6 milliardni tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 120 foiz oʻsish demakdir. Bunday rekord darajadagi natijaga erishilishiga sun’iy intellekt tizimlariga boʻlgan global talab asosiy sabab boʻldi.

Soʻnggi oʻn yil davomida bozor yetakchiligini qoʻldan bermagan Samsung kompaniyasi bu yil $65,6 milliardlik daromad bilan ikkinchi oʻringa tushdi. Har qancha oʻsishga erishgan boʻlsa-da (yiliga 60,8 foiz), u Nvidiaʼning SI chiplar segmentidagi shiddatli oʻsishiga bardosh bera olmadi.

Shuningdek, Intel esa $49,8 milliard daromad bilan uchinchi oʻringa tushgan. Biroq kompaniyaning oʻsishi atigi 0,8 foizni tashkil etdi, bu esa sanoatdagi pozitsiyasi tobora zaiflashayotganini koʻrsatmoqda.

2024-yilda global yarimoʻtkazgich bozori 21 foizga oʻsib, umumiy hajmi $655,9 milliardga yetdi. Biroq bu barqaror oʻsish uzoqqa choʻzilmasligi mumkin. AQSh tomonidan Xitoy chiplariga qoʻyilgan yangi bojlar va geosiyosiy qarama-qarshiliklar global ishlab chiqarish zanjirlariga taʼsir koʻrsatmoqda. TSMC va Samsung ishlab chiqarishni boshqa davlatlarga koʻchirish masalasini koʻrib chiqmoqda.

Hozircha Nvidia sohani bozorga moslashuvchanligi, tor mutaxassislikdagi ustunligi va SI texnologiyalariga toʻgʻri pozitsiya olganligi sababli yetakchilikni qoʻlga oldi. Kompaniyaning aksiyalari soʻnggi ikki yil ichida 450 foizga oʻsdi. Microsoft va Google bilan hamkorlik esa uning mavqeini yanada kuchaytirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan DeepSeek Nvidiaʼning qiymatini $589 mlrdga tushirib yuborgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek