Toshkentdagi koʻchalardan biri ikki haftaga qisman yopildi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Turkqoʻrgʻon koʻchasining bir qismida avtomobillar harakati vaqtincha cheklanadi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmatining xabariga koʻra, cheklovlar 13-apreldan 25-aprelgacha amal qiladi.
Mazkur vaqt oraligʻida KHAY (Kichik halqa avtomobil yoʻli) boʻylab Turkqoʻrgʻon koʻchasi kesishmasidan Xurshida koʻchasi kesishmasigacha boʻlgan yoʻnalishda 35 kV li yuqori kuchlanishli yerosti elektr uzatish tarmoqlari yotqiziladi. Ana shu texnik ishlar sababli yoʻl harakati tartibiga vaqtinchalik oʻzgartish kiritiladi.

Shu davr mobaynida avtomobillar harakati har ikki yoʻnalishda yoʻlning faqat bir tomoni orqali tashkil etiladi. Bu esa haydovchilar uchun muayyan noqulayliklar tugʻdirishi mumkin.
Rasmiylar haydovchilardan tushunmovchiliklar va tirbandliklarning oldini olish maqsadida avvaldan yoʻl xaritasini rejalashtirishni va imkon qadar aylanma yoʻllardan foydalanishni tavsiya etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 7-martdan Toshkentda yoʻllarni ta’mirlash mavsumi boshlangani haqida xabar bergan edi.