
AQSh prezidenti Donald Tramp boshqaruvning ilk yilidayoq bir milliongacha muhojirni deportatsiya qilishni koʻzlamoqda. Bu haqda The Washington Post nashri federal rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Tramp ma’muriyati 1,4 million kishiga nisbatan chiqarilgan deportatsiya farmoyishlaridan maksimal darajada foydalanishni rejalashtirmoqda. Biroq ayrim shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborish imkonsiz boʻlib qolmoqda. Ularning vatani bu fuqarolarni qabul qilishdan bosh tortayotganini manbalar ta’kidlamoqda.
Shu munosabat bilan AQSh hukumati muhojirlarni qayta qabul qilish boʻyicha Meksika, Kosta-Rika va Panama kabi uchinchi davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Trampning yaqin maslahatchisi Stiven Miller ushbu rejani Ichki xavfsizlik departamenti hamda boshqa tegishli federal idoralar bilan deyarli har kuni muhokama qilayotgani aytilmoqda.
Ma’lum boʻlishicha, 2025-yilning mart oyi oxirigacha 100 mingdan ortiq muhojir AQShdan deportatsiya qilingan. Bu raqamga mamlakat ichida hibsga olinganlar hamda chegarani noqonuniy kesib oʻtganlar kiradi, biroq ixtiyoriy tarzda chiqib ketganlar hisobga olinmagan.
Mutaxassislar Tramp ma’muriyatining bu rejasini real boʻlmagan deb baholamoqda. Ularning fikricha, mavjud budjet imkoniyatlari, yetarli kadrlar yoʻqligi va koʻplab muhojirlarning sud orqali himoyalanish huquqiga egaligi bu kabi keng qamrovli deportatsiya siyosatini amalga oshirishda jiddiy toʻsiqlarga olib keladi.
Tramp ilgari saylovoldi kampaniyasi davomida millionlab noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni va’da qilgan edi. Uning tashabbusi bilan AQSh – Meksika chegarasiga qoʻshin yuborilgach, noqonuniy oʻtish holatlari sezilarli darajada kamaygani kuzatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp migrantlarga kuniga $998 jarima solishini rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.