Yangiliklar

Tramp smartfon va kompyuterlarni boj toʻlovlaridan ozod qildi

Boj siyosatida ilk muhim yumshatish boʻldi
Tramp smartfon va kompyuterlarni boj toʻlovlaridan ozod qildi / Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Xitoydan import qilinadigan smartfon, kompyuter hamda boshqa bir qator elektron qurilmalarni yuqori boj toʻlovlaridan ozod qildi. Bu haqda BBC axborot xizmati xabar berdi.

AQSh Bojxona va chegara xizmati tarqatgan rasmiy bayonotga koʻra, ushbu tovarlar nafaqat Xitoy mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan 125 foizlik «javob» tariflaridan, balki global miqyosda amalda boʻlgan 10 foizlik boj stavkasidan ham chiqarib tashlangan.

Bu Tramp maʼmuriyatining Xitoyga nisbatan olib borayotgan boj siyosatida ilk muhim yumshatish boʻldi. Prezident Tramp bu istisnolar haqida batafsil maʼlumotni yaqin kunlarda taqdim etishini bildirdi.

«Biz juda aniq yondashamiz. Ammo shuni aytishim mumkinki, mamlakat sifatida katta mablagʻ ishlab topyapmiz», — dedi u jurnalistlarga Air Force One samolyotida.

Mazkur qaror AQSh texnologik kompaniyalarining narxlar oshishiga doir xavotirlari ortidan qabul qilindi. Koʻplab qurilmalar aynan Xitoyda ishlab chiqarilayotgani sababli kompaniyalar yangi boj stavkalari isteʼmolchi narxlariga bevosita taʼsir koʻrsatishini taʼkidlab kelayotgan edi.

Istisnolar 5-apreldan orqaga qarab kuchga kirgan boʻlib, ular smartfon va kompyuterlardan tashqari yarim oʻtkazgichlar (chiplar), quyosh panellari hamda xotira kartalari kabi muhim komponentlarni ham oʻz ichiga oladi.

Shunga qaramay, ushbu mahsulotlar hali ham fentanilga qarshi kurash doirasida joriy etilgan 20 foizlik boj toʻlovlari ostida qolmoqda. Bu haqda Oq uy siyosiy boʻlimi rahbari oʻrinbosari Stiven Miller maʼlum qildi.

Mutaxassislarning baholashicha, agar ishlab chiqarish xarajatlari toʻliq isteʼmolchilar zimmasiga yuklatilganida, iPhone narxi AQShda uch baravarga oshishi mumkin edi. Counterpoint Research maʼlumotlariga koʻra, AQShda sotiladigan iPhoneʼlarning 80 foizi Xitoyda yigʻiladi, qolgan qismi esa Hindistonda ishlab chiqariladi.

Soʻnggi yillarda Apple, Samsung va boshqa yirik texnologik kompaniyalar Xitoyga boʻlgan ishlab chiqarish bogʻliqligini kamaytirishga harakat qilmoqda. Hindiston hamda Vyetnam bu borada asosiy muqobil ishlab chiqarish markazlariga aylangan.

Xabarlarga koʻra, yangi boj stavkalari kuchga kirishi ortidan Apple Hindistondagi ishlab chiqarish hajmini tezlashtirgan.

Avvalroq kursiv Uzbekistan Apple boj toʻlovlaridan qochish uchun Hindistondan AQShga 1,5 million iPhone olib kelgani haqida xabar bergan edi.