Abdulaziz Komilov Italiyaning yuksak davlat ordeni bilan taqdirlandi

Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakil Abdulaziz Komilov «Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» (Ordine al Merito della Repubblica Italiana) ordenining «Ofitser» darajasi bilan taqdirlandi. Bu haqda Italiya Prezidenti bosh kotibiyati rasmiy press-relizida e’lon qilindi va hukumat nashri «Gazzetta Ufficiale»da chop etildi.

Mazkur orden Italiyadagi eng yuqori davlat mukofoti bo‘lib, 1951-yil 3-mart kuni ta’sis etilgan. U adabiyot, san’at, iqtisodiyot, xayriya va gumanitar faoliyat sohalaridagi katta xizmatlar uchun beriladi. Mukofotni Italiya prezidenti, bosh vazir roziligi bilan topshiradi. Taqdirlash odatda 2-iyun (Respublika kuni) va 27-dekabr (Konstitutsiya kuni)da amalga oshiriladi.
Komilov bilan birga boshqa bir qator italiyalik va xorijlik taniqli shaxslar ham ushbu sharafli mukofot bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston madaniyat vakili Fransiyaning «San’at va adabiyot» ordeni bilan taqdirlangan edi.