Investitsiyalar

«Kvarts» va «O‘zbektelekom» aksiyalari tushdi

Kursiv Uzbekistan hafta davomida fond bozorida kuzatilgan asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi
Investorlar eng ko‘p qaysi aksiyalar bilan savdo qildi / HayDmitriy / www.depositphotos.com

4 – 11 aprel kunlari O‘zbekiston fond bozori biroz pasayishni ko‘rsatdi. «Toshkent» Respublika fond birjasidagi asosiy ko‘rsatkich – UCI indeksi ushbu davrda 653,62 punktdan 647,50 punktgacha tushib, 0,94 foizlik pasayishni qayd etdi.

Investorlar faolligi bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan biri «Elektrqishloqqurilish» AJ bo‘ldi. Uning aksiyalari bo‘yicha tuzilgan bitimlar hajmi 2,06 milliard so‘mni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi» (637,5 mln so‘m), uchinchi o‘rinda esa «O‘zmetkombinat» (84,7 mln so‘m) joy oldi.

Bitimlar soni bo‘yicha esa O‘zRTXB 602 ta tranzaksiya bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin «Aloqabank» aksiyalari bo‘yicha savdolar faolligi kuzatildi: imtiyozli aksiyalar bilan 475 ta, oddiy aksiyalar bilan esa 470 ta bitim amalga oshirildi.

Fond bozoridagi haftalik o‘zgarishlarda ayrim emitentlar ijobiy natijalarga erishdi. Masalan, «Aloqabank» (oddiy aksiyalar) narxi 4,44 foizga oshdi. Imtiyozli aksiyalari esa 2,94 foizga arzonlashdi. «O‘zRTXB» 1,26 foizga, «O‘zbekiston pochtasi» esa 2,79 foizga o‘sdi. «O‘zbektelekom»ning imtiyozli aksiyalari ham 9,47 foizga qimmatlashdi.

Shu bilan birga, hafta ayrim emitentlar uchun salbiy yakunlandi. «O‘zbektelekom» oddiy aksiyalari 13,36 foizga arzonlashdi – bu eng keskin tushish bo‘ldi. Avval 22 foizga o‘sish qayd etilgan «Kvarts» kompaniyasi aksiyalari bu safar 7,75 foizga tushdi. Bundan tashqari, «Dori-Darmon» aksiyalari 4,94 foizga, «Olmaliq KMK» 3,13 foizga, «Qizilqumsement» esa 1,38 foizga tushdi.