
London Qirollik kolleji olimlari birinchi marta laboratoriyada inson tishini o‘stirishga muvaffaq bo‘lishdi. Tadqiqot natijalari kelajakda plomba yoki implantatsiyaga ehtiyoj qolmasligiga, yo‘qolgan tishlarni qayta tiklash imkoniyatiga yo‘l ochishi mumkin.
Tadqiqotchilar tish rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan muhitni simulyatsiya qiluvchi material yaratdilar. Bu muhit hujayralarga signal uzatib, tish shakllanishini boshlashga yordam beradi. King’s kolleji regenerativ stomatologiya bo‘yicha direktori doktor Ana Angelova Volponi bu yondashuv stomatologiyada inqilob yasashini aytdi.
Tadqiqotda hayvonlar, masalan, akulalar va fillar – yangi tish o‘stira olish qobiliyatiga ega ekani, insonlarda esa faqat ikkita to‘plam mavjudligi ta’kidlangan. Olimlarning maqsadi – inson organizmida tabiiy tish qayta o‘sishini tiklashdir.
London Imperial kolleji bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadqiqot 10 yildan ortiq vaqt davom etdi. Uning muhim jihati shundaki, bemorning o‘z hujayralari asosida o‘stirilgan tish jag‘ga tabiiy ravishda qo‘shilib, to‘liq funksional bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot mualliflaridan Xuechen Chjan quyidagicha izoh berdi:
«Plombalar vaqt o‘tishi bilan tishni zaiflashtiradi, implantlar esa invaziv amaliyotni talab qiladi. Ammo tabiiy hujayralardan o‘stirilgan tishlar biomoslik jihatidan ustunlikka ega va chinakam yechim bo‘lishi mumkin».
Avvalroq Kursiv Uzbekistan olimlar oziq-ovqat allergiyasini to‘xtatadigan maxsus immun hujayrani aniqlashi haqida xabar bergan edi.