Yangiliklar

Orolbo‘yi hududiga 3 400 tup daraxt va buta ekiladi

«Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida
Orolbo‘yi hududiga 3 400 tup daraxt va buta ekiladi / Foto: Ekologiya vazirligi

Orolbo‘yi hududida ekologik barqarorlikni oshirish maqsadida 3 400 tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra tashabbus Ekologiya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global Atrof-muhit jamg‘armasining «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Ko‘chatlar Qipchoq o‘rmon xo‘jaligi hamda Quyi Amudaryo biosfera rezervatiga ajratilib, u orqali bog‘ va o‘rmonlar kengaytiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, Orolbo‘yi ekologik xavfsizligi mustahkamlanadi.

Mazkur loyiha yer degradatsiyasi, iqlim o‘zgarishi va bioxilmaxillik muhofazasiga qarshi kurashda muhim qadam bo‘lib, mintaqaning tabiiy muvozanatini tiklashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda baliq ovlashga vaqtinchalik taqiq joriy etilgan edi.