O‘smirlarimiz BAA ustidan 3:1 hisobdagi g‘alaba bilan yarim finalga yo‘l oldi

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo kubogining muhim bosqichida yana bir bor o‘z ustunligini namoyon etdi. Chorak finalda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi kechgan o‘yinda yigitlarimiz ishonchli g‘alabaga erishib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
Uchrashuvda hujumkor futbol ko‘rsatgan jamoamiz birinchi bo‘limdayoq o‘yinning taqdirini hal qilib qo‘ydi. 13-daqiqada Asilbek Aliyev hisobni ochdi. Oradan 23 daqiqa o‘tib, u yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi. Bo‘lim yakunida esa Sayfiddin Sodiqovning aniq zarbasi hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limda raqib jamoa o‘zini tiklab olishga urindi va 67-daqiqada Muhammad Buti hisobni qisqartirdi. Biroq bu gol yakuniy natijaga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi – O‘zbekiston 3:1 hisobida zafar quchdi.
Bu g‘alaba orqali O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi musobaqa yarim finaliga yo‘l oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik hakamlar OFK chaqiruv ligasi yarim finalini boshqarishi haqida yozgan edik.