Statistika qo‘mitasining hisobotlari qanchalik ishonchli

So‘nggi yillarda Statistika qo‘mitasining e’lon qilgan statistik hisobotlariga nisbatan shubha va gumonlar ko‘paygan edi. Shuning uchun qo‘mita OAVlar bilan birgalikda bir qancha obyektlarda narxlarning statistik ma’lumotlarini shakllantirishni xalqqa ochiqlash maqsadida press tur tashkil etdi. Ushbu press turda Kursiv Uzbekistan muxbiri ham bevosita qatnashdi.
Press tur mobaynida 50 dan ortiq oziq-ovqat, nozoq-ovqat va xizmatlar narxlarining shakllanishi ko’rsatib berildi. E’tiborlisi shundaki, narxlarning statistikasini shakllantiradigan mutaxassis planshetda real narxlarni qayd etish uchun aynan belgilangan savdo rastasiga bormasa, tizim ishlamaydi va qayd etilmaydi.
«Bu tizim juda puxta ishlangan. Loyiha tashkilotchilari tomonidan doimiy ravishda savdo rastalari va obyektlarning aniq kordinatalari tizimga kiritilib borishi natijasida, mutaxassis aynan o’sha manzilga borgach tizim ochiladi»– deydi yetakchi mutaxassis Azizbek Maqsudbekov.

Narxlarni planshetda qayd etish jarayonida dastlab «Elga xizmat» rastalarida arzon narxlar kiritilgan bo’lsa, keyinchalik tadbirkorlarda qimmatroq narxlar qayd etildi. Tabiiyki barchada savol tug‘iladi. Endi narxlarni qanday qilib hisoblashadi?
«Ko’rib turibsizki barcha savdo nuqtalarida narxlar turli xil. Bu borada belgilangan nuqtalardan narxlar qayd etilib, keyinchalik uning o’rta geometrik bahosi chiqariladi. Aholida narxlar borasida shubhalar paydo bo’lishi mumkin. Lekin ular bir narsaga alohida ahamiyat berishi zarur. Bu faqat Toshkent shahridan shakllantirilmaydi, balkim butun respublikadagi eng aktual narxlar qamrab olinadi», – deydi Milliy statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig’i Muxtor Umarov.





Statistika hisobotlarini tuzishda aynan qanday mezonlarga tayanib shakllantiriladi? Bu boradagi batafsil ma’lumotlarni Kursiv Uzbekistan’ning Instagram sahifasida tayyorlangan videoda bilib olishingiz mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi statistikani izlashda sun’iy intellekt qo‘llanishi haqida xabar bergan edi.