Banklar va moliya

Tramp bojlarining O‘zbekiston savdosiga ta’siri: imkoniyatmi yoki xavf

Kursiv Uzbekistan bu borada mutaxassislar bilan gaplashdi
AQSh va O‘zbekiston
Tramp bojlarining O‘zbekiston savdosiga ta’siri: imkoniyatmi yoki xavf / Foto: borkus / www.depositphotos.com

Tramp bojlarining O‘zbekiston savdosiga ta’siri: imkoniyatmi yoki xavf? Kursiv Uzbekistan bu borada mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.

3-aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan yangi boj tariflari joriy etildi. Bu esa dunyo bo‘ylab savdo munosabatlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu tariflar doirasida 185 davlatga, jumladan, O‘zbekistondan AQShga import qilinadigan tovarlarga 10 foizlik boj belgilandi.

Boj tariflari qanday natijalarga sabab bo‘ladi

Ushbu boj tariflari bo‘yicha Progressiv islohotlar markazi eksperti Odil Abdusattarov «Kursiv»ga o‘z fikrlarini bildirdi:

«Mazkur boj siyosati birinchi navbatda global savdo hajmini qisqartirib, jahon savdo jarayonlarini sekinlashtiradi. Jahon savdo tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 1% savdo bojlari oshishi, savdo hajmini 2–3 foizga pasaytirishi baholangan. Bundan tashqari, turli mamlakatlardan qarshi javob bojlari amalga oshirilib, global iqtisodiy farovonlik kamayishi kutilmoqda», – dedi ekspert.

Shuningdek, u joriy etilgan import tariflari AQShdagi import mahsulotlarini qimmatlashtirishini keltirib o‘tdi. Bu esa inflyatsion bosimni kuchaytirdi. AQSh Federal rezerv tizimi (FED – markaziy bank funksiyalarini bajaradi) inflyatsiyani jilovlab, qattiq monetar siyosat qo‘llashni yoki iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi yumshoq siyosat amalga oshirish (yuqori inflyatsiya bilan) o‘ta murakkab tanlovini qo‘yadi.

Bundan tashqari, tariflar natijasida ko‘plab davlatlar AQShga bog‘liqlikni kamaytiradi. Mintaqaviy savdo bloklariga (masalan, RCEP, AfCFTA) ko‘proq e’tibor qaratadi. Bu orqali yangi savdo yo‘nalishlari rivojlanadi.

Manba: Statistika qo‘mitasi

2024-yilda O‘zbekiston – AQSh tashqi savdo aylanmasi $881,7 mlnga yetdi. Bu esa respublika jami tashqi savdo aylanmasining 1,3 fozini tashkil etgan. Shundan $317,4 mln O‘zbekistonning AQShga amalga oshirgan eksportiga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan o‘rnatilgan 10 foizlik import bojlari mamlakat tashqi savdosiga sezilarli ta’sir ko‘rsatish imkoniyati juda kam.

bojlar
Foto: The White House

O‘zbekiston AQShga eksport qiladigan mahsulotlar miqyos jihatdan kichik va cheklangan. Bundan tashqari, yetkazib berish quvvatlari yoki sertifikatlash/tarif kodlari bilan bog‘liq muammolar ham mavjud.

Shuningdek, AQShda O‘zbekiston tovarlari haqida xabardorlik hozirgi kunda yetarli darajada emas. O‘zbekistonning double land-locked (ikki tomonlama quruqlik bilan o‘ralgan, dengizga chiqa olmaydigan davlat) davlat ekanligidan logistika xarajatlarining yuqoriligini inobatga olsak, sezilarli darajada talab oshishini kutmasak ham bo‘ladi.

«Biroq Xitoy (145%) va Yevropa Ittifoqiga (25%) tatbiq etilgan yuqori bojlar sababli, ushbu mamlakatlar mazkur tariflarni nisbatan kamroq boj tatbiq etilgan mamlakatlar orqali aylanib o‘tishga harakat qilishadi. Xitoy O‘zbekistondagi investitsiyalar va ishlab chiqarish hajmini yanada oshirib, davlatimiz orqali AQSh bozorlariga kirib borish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi mumkin», – dedi Odil Abdusattarov.

To‘qimachilik bo‘yicha eksportni oshirishimiz mumkin

ALKES investitsion bank xizmatlari bo‘yicha katta mutaxassis Farhod Murodov «Kursiv»ga ma’lum qilishicha, yangi bojxona to‘lovlari strategik resurslar, jumladan, uran va misga taalluqli bo‘lmaydi. Biroq to‘qimachilik mahsulotlari uchun umumiy bojlar taxminan 15 foizdan 25 foizgacha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun esa 10 – 15 foizgacha oshadi.

«Shu yilning 3-apreldan boshlab AQSh tomonidan O‘zbekiston hamda qator boshqa davlatlarga nisbatan 10 foizlik qo‘shimcha import boji joriy etilishi savdo sharoitlarida muhim o‘zgarishlar yuz berayotganini anglatadi. Ilgari O‘zbekiston AQShga mahsulot eksportini eng qulay shartlar asosida – minimal yoki nol darajadagi tariflarda amalga oshirgan», – dedi u.

Mutaxassis OEC (Open Export Center) ma’lumotlariga tayanib, eksportning asosiy qismini qimmatbaho metallar, foydali qazilmalar, to‘qimachilik mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil etadi. Bu holat O‘zbekiston eksportchilari uchun foyda marjasining kamayishiga yoki AQShdagi iste’molchilar uchun mahsulot narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin.

Biroq xuddi shu vaqtda Xitoy (145%), Bangladesh (37%) va Vetnam (46%) kabi davlatlardan olib kirilayotgan to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan ham bojlarning oshirilishi fonida, O‘zbekiston bu sohada narx bo‘yicha afzallikni saqlab qolishi mumkin. Bu esa respublikamiz uchun to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish imkoniyatini beradi.

«O‘zbekiston strategik materiallar, jumladan, uran (bugungi kunda AQSh importining 11 foizi O‘zbekistondan kelmoqda) va ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlovchi sifatida o‘z ishtirokini kengaytirish imkoniyatiga ega. Ayniqsa, AQSh strategik mahsulotlar bo‘yicha import manbalarini diversifikatsiya qilishga intilayotgan bir sharoitda bu imkoniyat yanada muhim ahamiyat kasb etadi», – dedi mutaxassis.

Ushbu o‘zgarishlar yangi imkoniyatlarga sabab bo‘ladi

Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi mudiri Ikboljon Kasimov boj stavkalari va ularning milliy bozordagi ta’siri haqida fikrlarini «Kursiv»ga bildirdi.

«Aprel oyida Donald Tramp import qilinadigan barcha mahsulotlarga 10 foizlik universal boj va Xitoyga 145%, Kambodjaga 49%, Vetnamga 46% hamda Yevropa Ittifoqiga 25% miqdorida boj stavkalarini joriy qildi. Savdo nomutanosibliklarini tuzatishga qaratilgan ushbu choralar AQSh va bevosita nishonga olingan mamlakatlar uchun keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishi mumkin», – dedi mutaxassis.

Uning fikricha, O‘zbekistonning AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdosi cheklangan bo‘lsa-da, uning asosiy savdo hamkorlari – Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya orqali yuzaga keladigan bilvosita ta’sirlar jiddiy ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, bu boj stavkalari JST (Jahon savdo tashkiloti)ning nufuzini susaytirib, BRICS va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi mintaqaviy savdo bloklarining tezroq shakllanishiga turtki berishi mumkin. Shunday qilib, bozor sharoitidagi ushbu o‘zgarishlar xavflar bilan birga yangi imkoniyatlarni ham yuzaga keltirib, chuqur siyosiy tahlilni talab qiladi.

Ikboljon Kasimov OECning so‘nggi xalqaro ma’lumotlariga tayanib, asosiy savdo qilinadigan mahsulotlarga e’tibor qaratdi:

Eksport qilinayotgan mahsulotlarImport qilinayotgan mahsulotlar
Mineral yoqilg‘i va moylarMashinasozlik va sanoat uskunalari
To‘qimachilik (ayniqsa, paxta)Farmatsevtika vositalari
Qimmatbaho metallar (oltin, kumush, mis)Avtomobil va aviatsiya qismlari

«O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo munosabatlari xomashyo eksporti va ilg‘or texnologiyalar, tayyor mahsulotlar importi modelini namoyon qiladi. Bu savdo oqimlarining o‘zaro raqobatdosh emasligini anglatadi. Natijada, AQSh boj stavkalarining O‘zbekistonga bevosita ta’siri nisbatan kam bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi u.

Bilvosita ta’sir ssenariylari

Mutaxassis AQSh tomonidan joriy etilgan so‘nggi global boj stavkalari xalqaro savdoda noaniqlikni keskin oshirganini ta’kidladi. Optimistik va konservativ ssenariylarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama taxminlar O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalari, ta’minot zanjirlari, mintaqaviy savdo dinamikasi va sohalar raqobatbardoshligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Optimistik ssenariy

Dastlab Kasimov optimistik ssenariyga bo‘yicha global iqtisodiy to‘siqlarga qaramay, O‘zbekiston nisbatan barqaror bo‘lib qolishi mumkinligini keltirdi. Oltin narxining oshishi eksport daromadlarini barqarorlashtirishga yordam beradi. Garchi global agrosanoat savdosi 3,4 foizga, sanoat tovarlari esa 7,9 foizga qisqarsa ham.

Agarda, global Yalpi ichki mahsulotlar(YAIM) 0,3 foizga va AQSh YAIM 0,8 foizga kamaysa, bu orada tariflardan zarar ko‘rgan mamlakatlar o‘rnini O‘zbekiston egallaydi. Natijada respublikamiz xomashyo va yengil sanoat mahsulotlarini yetkazib berishda davom etishi mumkin.

«Rossiya va Markaziy Osiyodagi muhojirlar yuborayotgan pul o‘tkazmalari barqaror qolib, GSP+ imtiyozlari va texnologik moslashuv orqali Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya bilan savdo aloqalari yanada mustahkamlanadi. Bu esa O‘zbekistonning global qiymat zanjirlariga integratsiyasini kuchaytiradi», – dedi u.

Konservativ ssenariy

Mutaxassis konservativ ssenariyga ko‘ra, O‘zbekiston yanada jiddiy xatarlarga duch kelishini ham qo‘shimcha qildi. Global savdo agrosanoat bo‘yicha 4,7 foizga, sanoat tovarlari bo‘yicha esa 10,2 foizga keskin qisqaradi. Global YAIM 0,4%ga va AQSh YAIM 1,2%ga pasayishi O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan talabni kamaytirishi mumkin.

Import qilinadigan mahsulotlar qimmatlashib, ta’minot zanjirlarining buzilishi mis kabi asosiy sohalarda raqobatbardoshlikni kamaytiradi. JST nizolarni hal qilish mexanizmining zaiflashuvi global savdoning mintaqaviy bloklarga bo‘linishini tezlashtiradi.

«Pul o‘tkazmalari va energetika sohasidagi hamkorlik qisqaradi. Yevropa va Janubiy Koreya bozorlarida tarifdan zarar ko‘rgan davlatlar raqobatni kuchaytiradi. Natijada O‘zbekistonning eksportdagi o‘rni zaiflashishi mumkin», – deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistna AQSh prezidenti Donald Tramp tariflari uch oyga toʻxtatilgani haqida yozgandi. 90 kun davomida koʻpgina mamlakatlar uchun 10% boj qoʻllaniladi.