
Google korporatsiyasi Chrome brauzerining 136-versiyasida foydalanuvchilarning maxfiyligiga tahdid soluvchi uzoq yillik zaiflikni bartaraf etdi. Bu haqda Bleeping Computer nashri xabar berdi.
Bu muammo so‘nggi 23 yil davomida ishlab chiqilgan Safari, Opera, Internet Explorer va Firefox’ga ham taalluqli. Foydalanuvchi internetda ilgari tashrif buyurgan sahifalar haqida boshqa saytlarga bilvosita ma’lumot sızdirilishini ta’minlab kelgan.

Bu zaiflik veb-sayt egalariga foydalanuvchi tarixiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kira olmasdan, tashrif buyurilgan sahifalar haqida taxmin qilish imkonini bergan. Brauzerda ilgari bosilgan havolalar boshqa saytlarda ham «:visited» selektori orqali farqlanib, maxsus rangda (odatda binafsha) aks ettirilgan.
Misol uchun, foydalanuvchi A saytida bo‘lgan va u yerda B saytiga havolani bosgan bo‘lsa, keyinchalik C saytiga kirganda, u sayt B sahifasiga havolani o‘zida jamlagan bo‘lsa, foydalanuvchining ilgari bu havolani bosgan-bosmaganini aniqlashi mumkin bo‘lgan.

Google bu holatni brauzer dizaynidagi fundamental xato sifatida baholab, internetdagi faoliyatni yashirincha kuzatish vositasi bo‘lib kelganini ta’kidladi. Ushbu zaiflik ilk bora 2002-yilda xavfsizlik tadqiqotchisi Endryu Klover tomonidan aniqlangandi.
Endilikda Chrome 136 beta versiyasidan boshlab, tashrif buyurilgan havolalar haqidagi ma’lumotlar har bir sayt doirasida alohida saqlanadi va boshqa manbalarga uzatilmaydi. Bu esa foydalanuvchilar maxfiyligini sezilarli darajada mustahkamlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google bolalar uchun Gemini sun’iy intellekt xizmatini ishga tushirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.