Yangiliklar

Haydovchilar o‘tgan yilgi jarimalarni ommaviy ravishda olishmoqda

Haydovchilar o‘tgan
Haydovchilar o‘tgan yilgi jarimalarni ommaviy ravishda olishmoqda / Foto: Avtostrada.uz

Aprel oyida O‘zbekiston bo‘ylab ko‘plab haydovchilar 2024-yilda yo‘l harakati qoidalarini buzganliklari uchun ommaviy ravishda jarimalar olishni boshladi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Avtostrada nashri malum qildi.

Haydovchilarning aytishicha, ayrim jarimalar avval Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasining (YHXX) elektron bazasida mavjud bo‘lmagan, ammo yaqinda ular haqida bildirishnomalar chiqa boshlagan.

YHXX matbuot xizmatining tushuntirishicha, bunga «server yangilanishi» sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomatlashtirilgan tizimlar – radar va kameralar orqali qayd etilgan ayrim qoidabuzarliklar ilgari tizimda ko‘rsatilmagan. Endi esa serverlar yangilangach, ular ma’lumotlar bazasiga kiritilgan va haydovchilarga ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, YHXX bu jarimalarning bekor qilinmasligini ta’kidladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasiga muvofiq, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima eng ko‘pi bilan bir yil ichida qo‘llanilishi mumkin. Agar huquqbuzarlik bir yildan ortiq vaqt oldin sodir etilgan bo‘lsa va bu holat aniqlanganiga qadar bir yil o‘tgan bo‘lsa, unda bunday jarimalar yaroqsiz hisoblanadi va bekor qilinadi.

Demak, agar haydovchi 2023-yil oxirlarida yoki 2024-yil boshlarida qoidani buzgan bo‘lsa, va bu holat endi aniqlangan bo‘lsa, u holda jarima qonuniy hisoblanadi. Ammo bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan qoidabuzarliklar uchun jarima rasmiylashtirilmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Haydovchilar endi jarimalarni «Safe Road» ilovasidan bilib olishi haqida xabar bergan edi.