Oʻzbekiston aholisi inflyatsiyani 14,2 foiz darajasida taxmin qilmoqda

eʼlon qilindi
Inflyatsion kutilmalar oʻtgan oyga nisbatan 1,1 foizga pasaydi
Pul
Oʻzbekiston aholisi inflyatsiyani 14,2 foiz darajasida taxmin qilmoqda / Foto: Facebook.com

Shu yilning mart oyida Oʻzbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan 1,1 foizga pasaydi. Markaziy bank oʻtkazgan soʻrovnomaga koʻra, respondentlar kelgusi 12 oy ichida narxlarning 14,2 foiz darajada bo‘linishini taxmin qilmoqda.

Mart oyida soʻrovnomada jami 2,9 mingga yaqin respondentlar qatnashib, shundan 1,4 mingtasi tadbirkorlarni tashkil qildi.

Narxlarning oshishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida aholi kommunal xizmatlar, yoqilgʻi va elektr energiyasi narxining koʻtarilishi, valyuta kurslarining oʻzgarishini ta’kidlamoqda.

Eng yuqori inflyatsiya darajasi Toshkent, Fargʻona va Namangan viloyatlarida kutilmoqda. Ushbu hududlarda narxlar yil davomida 15,5 – 17,1 foizga oshishi mumkin. Jizzax, Navoiy va Qashqadaryoda inflyatsiya darajasi nisbatan past boʻlib, 12,0 – 12,9 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, oylik daromadi 15 mln soʻmdan yuqori boʻlgan respondentlar inflyatsiya darajasini 18,5 foizgacha yetishini taxmin qilmoqda.

Tadbirkorlarning oʻrtacha inflyatsion kutilmalari oy davomida 0,8 foizga pasayib, 13 foiz darajasida shakllangan. Ular ham inflyatsiyaning asosiy omillari sifatida kommunal xarajatlarning oshishi, yoqilgʻi narxining koʻtarilishi va valyuta kurslarining oʻzgarishini qayd etgan.

Narxlarning eng yuqori oʻsishi ta’lim, sogʻliqni saqlash va tashish xizmatlari soha egalari tomonidan prognoz qilinmoqda.

Hududlar kesimida eng yuqori kutilmalar Toshkent shahri, Samarqand va Surxandaryo viloyatlari tadbirkorlari orasida kuzatilgan. Bu hududlarda inflyatsiya darajasi yil davomida 14,1 – 15,7 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Eng past koʻrsatkichlar esa Navoiy, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi tadbirkorlar orasida (10,6 – 11,9 foiz) qayd etilgan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda inflyatsiya 10,3% gacha tezlashgani haqida yozgandi.

Shuningdek