
AQSh davlat kotibi Mark Rubio xorijdagi loyihalar uchun ajratilgan $215 mlnlik mablag‘ni bekor qildi. Ro‘yxatda O‘zbekistonga ajratilishi rejalashtirilgan $2,5 mlnlik grant ham bor. Bu haqda Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) ma’lum qildi.
Mazkur mablag‘ fuqarolik faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilishi ko‘zda tutilgandi.
Shuningdek, Qirg‘izistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va Armanistonda demokratik madaniyatni ilgari surish bo‘yicha loyihalar uchun ajratilgan moliyaviy yordam ham bekor qilindi.
Bu qaror AQSh prezidenti Donald Trampning Davlat departamentiga ajratiladigan moliyaviy yordamni qariyb 50 foizga qisqartirish rejalari fonida qabul qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, AQSh davlat departamentining 2026-yil uchun moliyaviy budjeti $28,4 mlrdni tashkil etadi. Bu esa oldinroq e’lon qilingan $54,4 mlrdlik miqdordan sezilarli darajada kam hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston ta’lim sohasiga $40 mlnlik xalqaro grant olgani haqida yozgandi.