
16-aprel kuni Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik kripto va fintech tadbiri — Crypto Week Uzbekistan 2025 forumi boshlandi. Unda Binance kompaniyasining Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrika bo‘yicha direktori Kirill Xomyakov kompaniyaning mamlakatdagi faoliyati va kelajakdagi rejalariga to’xtalib o‘tdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
«O‘zbekiston kripto olam sanoatida ildamlab bormoqda. Mamlakatdagi Binance foydalanuvchilari bo’yicha Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda esa 33-o‘ringa chiqdi. Regulyator tomonidan litsenziya olgan CoinPay bilan hamkorlikdan keyin foydalanuvchilar soni keskin oshdi,» – dedi Kiril Xomyakov.
Jahon reytingida Hindiston birinchi o’rinda, keyingi o‘rinlarda esa Nigeriya, Indoneziya, AQSh va Vietnam egallab turibdi. Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida O‘zbekiston yetakchi(+54 ball), Qozog‘iston ikkinchi(+5 ball), keyingi o‘rinlarda Gruziya, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon egallagan.

Coinpay bilan hamkorlikda kelajakda interfeys o‘zbek tilida taqdim etilishi, ta’lim loyihalarida qatnashishi va marketing kuchaytirilishi aytib o‘tildi.
Kiril Xomyakov O‘zbekistonda bu sohadagi muammolar va yechimlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi:
«Asosiy muammo bu kripto savodxonlikling pastligi va unga ishonchning yo‘qligidir. Bundan tashqari kripto firibgarlarning ko‘paygani va odamlarning mablag‘larini aldov yo‘li bilan olishi ko‘p uchrab turibdi. Bu muammolarning yechimi sifatida Binance Academy’ning tashkil etilishi hamda regulyatordan litsenziya olib faoliyat olib borilishi ta’minlandi. Shuningdek, o‘tgan yili yo‘qotilgan $88 mln mablag‘ egalariga qaytarildi»– dedi Binance kompaniyasining Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Afrika bo‘yicha direktori.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Asterium kompaniyasi O‘zbekistondagi uchinchi kriptobirja bo‘lgani haqida xabar bergan edi.