Fan

Google turli sohalar bo‘yicha olimlar izlamoqda

Iqtisod, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik kabi sohalarda
Google bir necha sohalar bo‘yicha olim izlamoqda / Foto: Fortune

Google o‘zining DeepMind laboratoriyasi orqali sun’iy umumiy intellekt (AGI) jamiyatga qanday ta’sir qilishi mumkinligini o‘rganish uchun olim izlamoqda. Bu haqda 404 Media nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, aprel oyida e’lon qilingan yangi ish o‘rnida iqtisod, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik kabi sohalarda AGI’ning ijtimoiy oqibatlari tahlil qilinadi.

AGI inson darajasidagi yoki undan ustun sun’iy intellekt bo‘lib, u hali yaratilmagan, ammo texnologik kompaniyalar shunga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Google bu borada eng ambitziyoz yondashuvni tanlab, AGI’dan keyingi bosqich — sun’iy superintellekt (ASI) va mashina ongini ham o‘rganmoqchi.

Tanqidchilarning fikricha, AGI mavzusi ba’zan marketing vositasiga aylangan bo‘lsa-da, Google bu safar masalaga ilmiy yondashmoqda. DeepMind hisobotida esa AGI inson darajasidagi kognitiv vazifalarni bajarishi mumkin bo‘lgan sun’iy intellekt sifatida tasvirlangan va uning xavflari batafsil bayon etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekran va tugmalarsiz sun’iy intellektli qurilma yaratilishi haqida yozgan edik.