Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy obidalar restavratsiya qilinadi

Toshkentdagi Hazrati Imom (Hastimom) majmuasining qator tarixiy obidalari restavratsiya qilinadi. Bu haqda Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy ekspert kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Zarqaynar ko‘chasida joylashgan Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Mo‘yi Muborak madrasasi, Namozgoh hamda Tillashayx masjidini ta’mirlash bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma’qullandi.
Restavratsiya jarayonida tarixiy yodgorliklarning asl qiyofasi va tarixiy yaxlitligi saqlab qolinishi qat’iy shart sifatida belgilandi. Jumladan, obidalarni ta’mirlashda ularning strukturasiga zarar yetkazilmasligi, devor tagi to‘shamalari esa 250×250×50 o‘lchamdagi xumdonda pishirilgan an’anaviy musulmon g‘ishtidan foydalanilgan holda amalga oshirilishi kafolatlandi.
Mazkur qaror tarixiy merosimizni asrash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy Osiyo madaniy merosini muhofaza qilish tanloviga arizalar qabul qilina boshlangani haqida yozgandi.