Moped va skuterlarga haydovchilik guvohnomasi talabi 1-oktabrgacha uzaytirildi

Moped va skuterni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasini olish muddati 1-oktabr etib belgilandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining yangi qarori e’lon qilindi.
Avvalroq 1-martdan boshlab skuter, moped va elektro-skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi va davlat raqami talab qilinishi haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, transport vositalari egalari «A» toifali haydovchilik guvohnomasini olib, o‘z vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlari shart. Mazkur sanagacha guvohnomasiz skuterda harakatlanishga ruxsat beriladi, lekin keyin hujjatsiz boshqarish uchun 5 BHM miqdorida jarima solinadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xarajatlari 1,4 mln so‘mni tashkil etadi. Haydovchilik imtihonini topshirish narxi esa 1 mln so‘mdan boshlanadi. Imtihon faqat rasmiy markazlarda topshiriladi, lekin markazlar o‘z xizmatlari narxlarini ochiqlamagan.
Shuningdek, «Kursiv» nashri haydovchilar endi jarimalarni «Safe Road» ilovasidan bilib olishi haqida yozgandi.