Prezident Andijonda yangi ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida yangi tashkil etilgan «Imkoniyatlar olami» hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu markaz nogironligi bo‘lgan bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun reabilitatsiya, ta’lim, kasbga yo‘naltirish, sport va psixologik xizmatlarni bir joyda taqdim etadi.

5 gektarli hududda zamonaviy binolar, sport majmuasi, suzish havzasi va bolalar maydonchasi mavjud. Bu yerda erta aralashuv xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, chaqaloqlik yoshidagi bolalarga ilk bora ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Markazda 60 dan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi.

Prezident maktabdan tashqari ta’lim va xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlari yaratilgan binolarni ham ko‘zdan kechirdi. Kambag‘al oilalar farzandlari ham ushbu markaz xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xonobodda 92 gektar maydonda sayyohlik markazi tashkil etilishi haqida yozgan edik.