
Qishloq xo‘jaligida yuzaga keladigan xavf-xatarlarni sug‘urta qilish tizimi bo‘yicha yangi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar quyidagi tavakkalchiliklarga nisbatan sug‘urta shartnomalarini tuzishlari mumkin:
- tabiiy va texnogen ofatlar;
- yong‘in;
- o‘simliklarning zararkunandalar va kasalliklardan zararlanishi;
- qishloq xo‘jaligi hayvonlarining yuqumli kasalliklari yoki zaharlanishi;
- yovvoyi hayvonlar tomonidan yetkazilgan zarar;
- uchinchi shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mazkur sohada muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi. Qonunga muvofiq sug‘urta mukofotlarining bir qismini qoplash va zarar ko‘rgan ishlab chiqaruvchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida budjet subsidiyalari ajratiladi.
Shuningdek, hukumat qarori asosida Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilib, u rasmiy sug‘urtalovchi sifatida faoliyat yuritadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etilgani haqida yozgandi.