
Bugun, 16-aprel kuni Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik kripto va fintech tadbiri — Crypto Week Uzbekistan 2025 forumi boshlandi. 19-aprelga qadar davom etadigan xalqaro forum kripto-aktivlar, blokcheyn texnologiyalari va moliyaviy innovatsiyalar sohasidagi global mutaxassislarni birlashtiradi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
Forumda 400 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, xalqaro kompaniyalar, investorlar, regulyatorlar, yetakchi startaplar va taniqli kripto treyderlar qatnashmoqda. Dastur doirasida 30 dan ortiq spiker ishtirokida 20 dan ortiq sessiya va panel muhokamalari, istiqbolli startaplar tanlovi, B2B va B2G uchrashuvlar, expo zonasi, networking tushliklari va AfterParty kabi tadbirlar o‘tkaziladi.
Tadbirning asosiy mavzulari kripto-aktivlar ekotizimini rivojlantirish, tartibga solish masalalari, blokcheyn texnologiyalarining huquqiy va texnik jihatlari, tokenizatsiya, raqamli xavfsizlik, fintech innovatsiyalari va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Forumda Binance vakillari, yirik kripto treyderlar, blokcheyn-startaplar asoschilari va soha regulyatorlari spiker sifatida qatnashmoqda. Fintech yo‘nalishida sun’iy intellekt asosidagi moliyaviy xizmatlar, innovatsion to‘lov tizimlari, neobanklar va moliyaviy texnologiyalar muhokama qilinadi.
Crypto Week Uzbekistan 2025 forumi PraeLegal Uzbekistan, Heemera va Yoko Digital tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) hamkorligida tashkil etilgan.
Forumning bosh maqsadi — O‘zbekistonni kripto-aktivlar va raqamli moliya sohasida mintaqadagi yetakchi markaz sifatida ilgari surish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni jamlashdan iborat.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda «Asterium» kripto-do‘koniga rasmiy litsenziya berilgani haqida xabar bergan edi.